Konstitutsiyaviy islohotlar muhokamasi

0
987

Bugun bosh qomusimiz ulkan oʻzgarishlar ostonasida desak adashmaymiz. Negaki, muhtaram prezidentimiz tomonidan xalq manfaatlarini barcha narsadan ustun qoʻygan holda konstitutsiyamizga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha qator takliflar berildi.

Ushbu siyosiy jarayonlar bilan harbiy xizmatchilar muntazam tanishtirib borilmoqda. Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov okrug boshqaruv apparatida mazkur mazmundagi ishlar samaradorligini oshirish, Vatan himoyachilarining siyosiy ongi va faolligini yanada oshirish maqsadida mashgʻulot oʻtdi. Dolzarb fikrlarni kengroq yetkazish uchun okrug tasarrufidagi barcha harbiy qism va muassasalarning tadbirga videokoʻprik orqali ishtiroki taʻminlandi.

Maʻruzalarda bosh qomusimizga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha bildirilayotgan muhim takliflar haqida toʻxtalib oʻtildi. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan ushbu konstitutsiyaviy islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad xalq xohish-irodasidan kelib chiqqan holda benuqson konstitutsiyani yaratishdek oliy maqsadga qaratilgani haqida teran fikrlar bildirildi.

Bugunning harbiy xizmatchisidan universallik, keng dunyoqarash, jangovar hamda siyosiy bilimga ega boʻlish talab etilmoqda. Mashgʻulot mazmuni ayni shu maqsadlarga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Shuningdek, Toshkent harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni rahbarligida ham Angren garnizoni harbiy xizmatchilari ishtirokida Konstitutsiyamizga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi.