Qurolli Kuchlar akademiyasida Konstitutsiyaga taklif etilayotgan oʻzgarishlar muhokama etildi

0
822

Bugungi kunda mamlakatimizning bosh qomusi – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirishlar kiritish haqida takliflar keng jamoatchilik tomonidan qizgʻin muhokama etilmoqda.

Shu munosabat bilan joylarda Konstitutsiyaga kiritilishi koʻzda tutilgan oʻzgartirishlar muhokamasiga doir uchrashuvlar uyushtirilib, ularning mazmun-mohiyati xalqimizga chuqur tahlillar asosida yetkazilyapti. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida tashkillashtirilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgarishlar haqida” davra suhbati ham shu mavzuga bagʻishlandi.

Davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi harbiy prokurorining katta yordamchisi, adliya polkovnigi Sherzod Hayitov, Qurolli Kuchlar akademiyasi boshligʻi polkovnik Bobur Shayakubov, Oʻzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi universiteti professori, yuridik fanlar nomzodi dotsent Gʻulomjon Hakimov hamda Toshkent shahar adliya blshqarmasi yetakchi maslahatchisi Zuhrob Toshtemirov kabi soha mutaxassislarining maʼruzalari tinglandi.

Mutaxassislar oʻz maʼruzalari davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda ilgari surilgan ustuvor yoʻnalishlarga toʻxtalib, unda eʼtiborga olingan koʻplab dolzarb masalalarga munosabat bildirishdi. Maʼlumki, davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan yoʻnalishlarda inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmatini ulugʻlash, dahlsiz huquq va manfaatlarini mustahkamlashga, shuningdek “Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan gʻoyani asosiy qonunimizning ajralmas bir boʻlagi sifatida eʼtirof etilgan.

Qurolli Kuchlar akademiyasida tahsil olayotgan kuch tuzilmalari ofitserlari va kursantlar oʻzlarini qiziqtirgan savollar boʻyicha mutaxassislardan toʻlaqonli javoblari oldilar. Tadbir yakunida polkovnik Bobur Shayakubov bosh qomusimizga kiritilajak oʻzgartirishlar koʻpmillionli xalqimiz hayotining koʻzgusi boʻlishini taʼkidlab, unda respublikamizning har bir fuqarosi oʻz takliflari bilan faol qatnashayotganiga alohida urgʻu berib oʻtdi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti