Eng yaxshi natijalar bilan qarshilandi

0
662

Taekvondo boʻyicha Osiyo chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi vakillari “Eng yaxshi sportchi va murabbiy” nomiga sazovor boʻlishdi

24-27-iyun kunlari Koreya Respublikasi taekvondo WT boʻyicha navbatdagi Osiyo chempionligiga mezbonlik qildi. Qitʼamizning eng kuchli taekvondochilari qatnashgan mazkur musobaqada terma jamoamiz 4 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza, jami 7 ta medal qoʻlga kiritdi.

Ular orasida Qurolli Kuchlar xizmatchilari Ulugbek Rashitov, Jasur Jaysunov, Nikita Rafalovich oltin, Svetlana Osipova bronza medaliga sazovor boʻlgani yanada quvonarli boʻldi.

Mazkur turnir bir qator yangi nomlarni kashf qilib berdi. Oʻzining ajoyib texnikasi va harakatlari bilan ajralib turgan Qurolli Kuchlar xizmatchisi Jasur Jaysunovning ishtiroki mutaxassislar tomonidan alohida eʼtirof etildi. -74 kg vazn toifasida oltin medalni qoʻlga kiritgan Jaysunov musobaqaning “Eng yaxshi erkak sportchisi” deb topildi.

Taekvondo boʻyicha Osiyo chempionatlarida koreyalik sportchilar erkaklar oʻrtasida muntazam ravishda umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritib kelishgan. Biroq bu yil, yanada eʼtiborlisi, ushbu sport vatanida oʻtgan qitʼa birinchiligida ushbu anʼanaga barham berildi. Bunday olamshumul natijani bizning jamoa amalga oshirgani bilan koʻnglimiz yana bir karra faxr hissini tuymoqda. Shubhasiz, oʻz tarixida ilk bor Osiyo birinchiligida 4 ta oltin medal jamgʻargan erkaklar jamoamizning ustozi Pavel Xan “Eng yaxshi murabbiy” sifatida tan olindi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti