Toshkentlik iqtidorli bolalar Nukus garnizonida konsert namoyish etdi

0
654

Olimpiada oʻyinlari gʻolibi, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Ulugʻbek Rashitov Nukus garnizoni mehmoni boʻldi. Garnizon Maʼnaviyat va maʼrifat markazida mamlakatimiz shaʼnini jahon arenasida yuksaklarga koʻtargan Ulugʻbek yosh va umidli sportchi harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolari bilan uchrashib, qoʻlga kiritilgan gʻalaba, unga qadar bosib oʻtilgan mashaqqatli yoʻl haqida soʻzlab berdi.
Tadbirda faol ishtirok etgan yoshlar Olimpiada gʻolibi tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shundan keyin Toshkentdan Nukus shahriga safar bilan kelgan Oʻzbekiston Oʻzbek jang sanʼati federatsiyasi terma jamoasining milliy yakkakurashning jozibasi, murakkab gimnastik va akrobatik usullar bilan uygʻunlashgan jang sanʼati elementlarini namoyish etib, yigʻilganlarni hayratda qoldirdi. Darvoqe, bolalar sirk artistlaridek mohirona harakatlar bilan Oʻzbek jang saʼnatida qoʻllaniladigan uslublar, himoya va hujumda ishlatiladigan yakkakurash usullarini aʼlo darajada namoyon etishdiki, bu hech kimni beʼetibor qoldirmadi.

Madaniy hordiq dasturi doirasida azim Toshkentdan uzoq yoʻl bosib, betakror Qoraqalpogʻistonga birinchi marta kelgan “SAMO” bolalar ijod akademiyasining quvnoq jamoasi tomonidan milliy va Yevropa kuy va qoʻshiqlari sadosi ostida ijro etigan raqslar yigʻilganlarning bayramona kayfiyatini koʻtardi. Oʻzgacha xoreografik usullar bilan bolajonlarning sahnadagi chiqishlari barchaga birdek manzur boʻldi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish toshkentlik mehmonlarda katta taassurotlar qoldirdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati