Mudofaa vaziri kubogi uchun musobaqalarning Qashqadaryo viloyat bosqichi gʻoliblari aniqlandi

0
812

Respublikamizning barcha tuman va mahallalari boʻylab qizgʻin tarzda oʻtgan sportning tosh koʻtarish va milliy kurash turlari boʻyicha “Men gʻolib” shiori ostidagi Mudofaa vaziri kubogi uchun bellashuvlar shiddatli va murosasiz bahslarga boy boʻldi. Minglab yoshlarni qamrab olgan musobaqalarning Qashqadaryo viloyat bosqichi ham yuqori saviyada tashkil etildi.

Qarshi shahrining soʻlim Sohil majmuasida boshlangan bellashuvlarda bundan oldingi mahalla va tuman bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan polvonlar jam boʻldi. Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug harbiy xizmatchilari hamda viloyatning taniqli sport ustalari nazorati ostida oʻtgan bahslarni kuzatish uchun minglab aholi vakillari va yoshlar davra hosil qildilar.

Unga koʻra alp oʻgʻlonlar milliy kurash boʻyicha 66, 81 va 90 kilogram vazn toifasida kurash olib borishdi.

Halol va adolatli kurashayotgan oʻgʻlonlarda buyuk bobolar jasorati, Alpomishu Paxlavon Mahmud shijoati boʻy koʻrsatayotgandek goʻyo. Azaldan “Mardlar maydonda sinaladi” deydi dono xalqimiz. Davraga taʼzim bilan kirgani, halol kurashib magʻlub boʻlsada davradan taʼzim bilan chiqayotgani ham yigit mardligining bir namunasidir.

Paxlavonlar oʻyini sanaladigan tosh koʻtarish bellashuvlari ham metin bilak, poʻlat iroda sohiblarini saraladi. Bu bellashuvda esa sportchilar 80, 85, 90 kilogram vazn toifasida kuch sinashdilar. Qizgʻin va murosasiz bahslarda gʻalaba qozongan kuchlilar aniqlanib, ular mazkur bellashuvlarning Respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi.

Musobaqalarning taqdirlash marosimi ham katta bayramga aylanib ketdi. Qarshi shahrining “Geolog” oʻyingohida boʻib oʻtgan marosim minglab voha aholisini bir joyga jamladi.

Tantanali tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimligi, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va qator tashkilot vakillari ishtirok etdi. Unda soʻz olganlar yurtimizda yoshlar uchun koʻplab imkoniyatlar yaratib berilayotganligi taʼkidlab, ularni barcha imkoniyatlardan unumli foydalanishga chaqirdi.

Shundan soʻng, musobaqalarning viloyat bosqichida sovrinli oʻrinlarni egallagan vohalik yoshlar viloyat hokimligi vakillari, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni va boshqa rahbarlar qoʻlidan oʻz sovrinlarini qabul qilib oldilar.

Yuqori saviyada davom etgan taqdirlash marosimi “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi bayram tantanalariga ulanib ketdi. Qarshi garnizoni harbiy orkestri ijrosidagi konsert dasturlari yigʻilgan minglab tomoshabinlarga yuqori kayfiyat ulashgan boʻlsa, el suygan sanʼatkorlar chiqishlari tadbirning kulminatsion nuqtasi boʻldi.

Vatan himoyachilari, yoshlar, nuroniylar, mahalla ahli va keng jamoatchilik vakillaridan iborat minglab insonlarni bir yerga jamlagan, bugungidek tinch-osuda hayotimiz shukronasi, porloq kelajakka boʻlgan ishonchimiz namunasi oʻlaroq koʻtarinki kayfiyatda oʻtgan tadbirga samoni bezagan mushaklar yogʻdusi yakun yasadi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati