Saʼdullayeva Chexiyada mavsum yetakchilari bilan mardonavor bellashdi

0
619

Chexiyaning Brno shahrida yengil atletika boʻyicha “ROČNÍK BRNĚNSKÉ LAŤKY OLYMPIE” xalqaro musobaqasi boʻlib oʻtdi. Unda Yevropaning koʻzga koʻringan atletlari bilan gʻoliblik uchun bahs olib borgan hamyurtimiz Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Safina Saʼdullayeva bronza medaliga sazovor boʻldi.

Balandlikka sakrash dasturida qatnashgan yurtdoshimiz 1.91 metr balandlikdan oʻtib, uchinchi natijani qayd etdi. Eʼtiborlisi, unda gʻalaba qozongan ukrainalik Yaroslava Magichux musobaqada 2.03 metrni zabt etib, oʻziga tegishli boʻlgan jahon boʻyicha mavsumning eng yaxshi natijasini 2 smga yaxshiladi. Ikkinchi oʻrin 1.97 metrgacha katta zaxira bilan kelib, qolgan urinishlarda omadsizlikka uchragan boshqa bir ukrain atleti Irina Gerashenkoga nasib etdi.

Saʼdullayeva bahslar davomida dastlab 1.84, soʻng 1.88 va 1.91 metr balandlikni bir urinishda ortda qoldirdi. Ammo 1.94 metrlik planka Safinaga “boʻyin egmadi” va sportchimiz bronza medali sohibasiga aylandi. Ahamiyatlisi, bu hamyurtimiz uchun mavsumdagi eng yaxshi natija boʻldi.

“ROČNÍK BRNĚNSKÉ LAŤKY OLYMPIE” turniri, balandlikka sakrash, ayollar:

  • 1. Yaroslava Magichux (Ukraina) – 2.03 metr
  • 2. Irina Gerashenko (Ukraina) – 1.97
  • 3. Safina Sadullayeva (Oʻzbekiston) (MV SM) – 1.91.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi sportchisiga kelajakdagi xalqaro arenalardagi ishtiroklarida omad va yorqin gʻalabalar tilab qolamiz.