Yozgi oromgohda “Vatanparvar” bilan mazmunli uchrashuv

0
958

Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani Sho‘raxon OFY hududida joylashgan “Lochin” yozgi bolalar dam olish oromgohida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarining maroqli dam olishlari va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida, “Vatanparvar” tashkiloti To‘rtko‘l tumani O‘quv sport texnika klubi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda harbiy-vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular orasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish hamda ommaviy texnik kasb xodimlarini tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va bu borada yaratilgan keng imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, bolalar o‘rtasida havo miltig‘idan o‘q otish bo‘yicha o‘ziga xos kichik musobaqa uyushtirildi. Shuningdek, tashkil etilgan “Yashil chiroq” viktorinasida ular yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha bilimlarini namoyon etdilar. Bellashuv g‘oliblari tashkilotning esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

Ayniqsa, To‘rtko‘l tumani O‘quv sport texnika klubining aviamodel va raketamodel sport seksiyalari ko‘rgazmalari hamda ushbu seksiyalarning sportchilari tomonidan yasalgan raketaning ochiq osmonga uchirilishi bolalarda olam-olam quvonch va unutilmas taassurot bag‘ishladi.

“Vatanparvar” tashkiloti yozgi oromgohlarda dam olayotgan bolalarning vaqtlarini mazmunli tashkil etishda davom etadi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti matbuot xizmati