Boshlangʻich tashkilotlar yetakchilari ishtirokida IV onlayn forum boʻlib oʻtdi

393

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida “Yoshlar bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimini joriy etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar” mavzusida Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalaridagi boshlangʻich tashkilot yetakchilarining IV Forumi boʻlib oʻtdi.

Onlayn forum tarzida tashkillashtirilgan tadbirda vazirlik Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlari, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining harbiy qismlardagi boshlangʻich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi boshliqlari, harbiy qismlardagi boshlangʻich tashkilot yetakchilari va yoʻnalish sardorlari ishtirok etdi.

Mazkur forum Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Mudofaa vazirligi harbiy qism va muassasalaridagi boshlangʻich tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlilini yetkazish, mavjud muammoli masalalarni aniqlash, shuningdek, kelgusida yoshlarni har tomonlama tarbiyalashda oʻtkazilayotgan tadbirlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida tashkil etildi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining hududiy boʻlimlari bilan hamkorlikda boshlangʻich tashkilotlar yetakchilari va yoʻnalish sardorlari bilan koʻplab seminarlar, uslubiy yigʻin va anjumanlar oʻtkazilib, ularga joylarda istiqomat qilib kelayotgan koʻplab mahalliy yoshlar qamrab olingan.

Forum davomida soʻz olganlar oʻz maʼruzalarida tizimda erishilgan yutuqlar, shuningdek, muammo va kamchiliklar, ularni oʻz vaqtida bartaraf qilish boʻyicha qator takliflarni bildirib oʻtishdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti