Mudofaa vaziri kubogi uchun musobaqaning Qonlikoʻl tumani bosqichida eng sara polvonlar bellashdi

0
805

Mamlakatimiz yoshlarini sportga qiziqtirish, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish, milliy sport turlarini rivojlantirish hamda sport olamiga kirib kelayotgan yosh va umidli sportchilarni kashf qilishga koʻmaklashish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa va Sportni rivojlantirish vazirliklari hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda harbiy xizmatchilar va yoshlar oʻrtasida “Men gʻolib!” shiori ostida “Milliy kurash va tosh koʻtarish” sport turlari boʻyicha “Yoshlar oyligi” doirasida mudofaa vaziri kubogi musobaqalari oʻtkazib kelinmoqda. Mahalla bosqichlaridan boshlangan bellashuvlarda gʻalabaga erishgan yoshlar endilikda tuman miqyosida boʻlib oʻtgan musobaqalarda kuch sinashmoqda.

Qonlikoʻl tumanidagi “Jayhun” sport maydonida 4 ta sektorga boʻlingan 11 ta mahallaning eng sara polvonlari mudofaa vaziri kubogi uchun bellashuvlarning keyingi bosqichida ishtirok etish uchun kuch sinashdi.

Yuzlab yoshlarni birlashtirgan mazkur musobaqa yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli va samarali oʻtkazishga sharoit yaratib, oʻz ustida ishlashi, sport orqali katta marralar sari yoʻl olishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi, tuman hokimligi hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan musobaqa murosasiz bahslar, qizgʻin bellashuvlar, halol va adolatli kurashlarga boy boʻldi.

Yakuniy natijalarga koʻra milliy kurash va tosh koʻtarish sport turlarida yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritgan yoshlar medal, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati