“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi: gʻoliblar nomi aniqlandi

0
1432

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi oʻquv jarayonini taʼminlash bazasida mudofaa vazirining kubogi uchun uyushmagan yoshlar oʻrtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining respublika bosqichi oʻtkazilib, gʻolib va sovrindor jamoalar nomi aniqlandi. Musobaqada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi saralash bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan jamoalar ishtirok etdi.

2022-yil 19-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga qabul qilingan edi. Shunga asosan Mudofaa vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 2022-yilga moʻljallangan “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shiori ostida mahallarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha amaliy chora-tadbirlar “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan. Uch bosqichda oʻtkazilgan ushbu musobaqa haqiqiy maʼnoda respublika yoshlarini birlashtira oldi, harbiy-sport musobaqalari orqali ular qalbiga yoʻl topdi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtab boshligʻi general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov soʻzga chiqib, mazkur bellashuvning ahamiyati haqida soʻz yuritdi. Darhaqiqat, “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi oʻquvchilarni harbiy-amaliy sport musobaqalariga keng jalb etish orqali ularning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, oʻzaro madaniy-sport aloqalarini yoʻlga qoʻyish hamda yoshlarni sport oʻyinlariga ommaviy tarzda jalb etish, sogʻlom turmush tarziga rioya etadigan, buyuk ajdodlarimiz kabi mard, jasur, halol, jismonan baquvvat, bilimli, keng dunyoqarashli va vatanparvar avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻta qizgʻin va murosasiz bellashuvlarga boy boʻlgan musobaqada har bir jamoa aʼzosi bir tanu bir jon boʻlib, gʻoliblik uchun kurash olib bordi. Ishtirokchilarning shartlarni bajarishdagi harakatlari esa malakali mutaxassislardan iborat hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi.

Yakuniy natijalarga koʻra, 3-oʻrinni Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumani jamoasi qoʻlga kiritdi. Toshkent viloyati yoshlari 2-oʻringa loyiq koʻrilgan boʻlsa, Sirdaryo viloyatidan kelgan yoshlar jamoasi faxrli 1-oʻringa loyiq topildi. Shuningdek, “Eng yaxshi mergan” (Gʻofurjon Obidov – Toshkent shahri), “Eng kuchli sportchi” (Shavkat Joʻraqulov – Sirdaryo viloyati) va “Amir Temur tuzuklari bilimdoni” (Shahrizoda Gʻaffarova – Samarqand viloyati) nominatsiyalarida ham gʻoliblar aniqlandi.

Gʻoliblarga musobaqa tashkilotchilari tomonidan kubok, diplom va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Eslatib oʻtamiz, mazkur musobaqa Mudofaa vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi va Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi hamkorligida oʻtkazildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti