Buxoroda “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”

0
975

Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanidagi Madaniyat markazida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tashabbusi bilan yuzlab yoshlarni qamrab olgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi.

Okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi mas’ul ofitserlari, Qorakoʻl tuman hokimi Xurshid Tohirov, Buxoro garnizonidagi harbiy qism komandiri, viloyat Mudofaa ishlar boshqarmasi boshligʻi ishtirokida oʻtgan uchrashuvga oʻquvchilar, sportchilar hamda mahalla yoshlari taklif etildi.

Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning barcha sohalarda oʻz qobiliyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun keng imkoniyat eshiklari ochilgan. Faqat oʻqish va yuksak marralarni zabt etish uchun istak boʻlsa bas. Tadbir mohiyati ham ana shu fikrlarni yoshlar ongiga shakllantirishga qaratildi.

Tadbir davomida Buxoro garnizoni harbiy orkestri ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat ulashgan boʻlsa, Vatan himoyachilari tomonidan namoyish etilgan koʻrgazmali qoʻl jangi chiqishlari yoshlardagi harbiylikka havas hislarini oshirdi.

Faol ishtirokchilarga tashkilotchilarning esdalik sovgʻalari topshirildi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati