Fargʻona “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga diplomlar topshirildi

0
1582

Fargʻona “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyida ikkinchi oʻquv kursi bitiruvchilarining tantanali diplom olish tadbirlari boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari polkovnik Jamshid Karimov, okrug masʼul ofitserlari, oʻqituvchilar, faxriylar, hamda keng jamoatchilik vakillari diplomlarni oʻquvchi yoshlarga, boʻlajak ofitserlarga topshirar ekan, ularga kelgusi faoliyatlarida omad va zafarlar tilashdi.

Tadbir davomida oʻtgan yil sarhisobi boʻyicha Fargʻona “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyini tamomlagan 115 nafar yoshlardan 98 foizi oliy harbiy bilim yurtlariga hamda davlat oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgani taʼkidlab oʻtildi.

Mazkur tadbirda 100 dan ortiq bitiruvchi Fargʻona “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi diplomini qoʻlga kiritdi. Ularning 7 nafari imtiyozli diplom bilan oliy harbiy bilim yurtlariga davlat imtihonlarisiz oʻqishga qabul qilinadi.

Qayd etish lozimki ushbu harbiy akademik litsey diplomiga ega yoshlar oliy harbiy bilim yurtlariga 30 foizli va davlat oliy taʼlim muassasalariga 15 foizli imtiyozga, imtiyozli diplom olgan oʻquvchilar esa oliy taʼlim muassalariga davlat granti asosida toʻgʻridan toʻgʻri oʻqishga qabul qilinadi.

Tadbirning badiiy qismi taniqli sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar va konsert dasturiga ulanib ketdi. 

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati