Qoʻmondon va bitiruvchilar uchrashuvi

0
713

Toshkent harbiy okrugi qoʻmondoni polkovnik Zokirjon Sayfuddinov Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti bitiruvchi kurs kursantlari bilan uchrashdi. Bilim yurti rahbariyati tomonidan tashkillashtirilgan “Qoʻmondon va bitiruvchilar uchrashuvi” bir necha kundan keyin egniga ofitserlik libosini kiyadigan kursantlarning kelgusi faoliyati uchun oʻziga xos saboq maktabi boʻlishi aniq.

Bundan bir necha yil avval aynan Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtini tamomlagan polkovnik Zokirjon Sayfuddinov bitiruvchi kurs kursantlari bilan uchrashuvga taklif etilishida ramziy maʼno borligi aniq. Chunki turli komandirlik lavozimlaridan okrug qoʻmondonligi darajasiga erishgan tajribali ofitser bosib oʻtgan hayot yoʻli har bir kursantga saboq boʻlishga arziydi.

– Oʻylaymanki oralaringizda vazir va vazir oʻrinbosarlari yoki qoʻmondon boʻladigan kadrlar bor. Ammo hammaga ham bunday lavozimlarga erishish nasib etmaydi. Bu bilan oldinga qoʻyilgan maqsadlar yoʻlida chekinish kerakligini nazarda tutmadim. Kimki intilishdan, oʻz oldiga qoʻyilgan maqsad yoʻlida kurashdan bir soniyaga boʻlsa ham toʻxtamasa, vazir va vazir oʻrinbosarlari hamda qoʻmondon lavozimiga erishishi mumkin. Bugundan boshlab oʻz imkoniyatlarinigizdan maʼlum bir vaqt oraligʻida reja boʻyicha foydalanib boring. Qaysidir vaqt oraligʻida vzvod, batalyon, brigada komandiri boʻlishim kerak degan maqsad bilan harakat qiling. Har bir bosqichda komandirlikning masʼuliyatini chuqur his eting. Oldingizga shunday talabni qoʻyingki, oʻsha talabning kechagisi bugungidan, bugungisi esa ertangidan yuqoriroq boʻlsin… Polkovnik Zokirjon Sayfuddinov bitiruvchilarga shu tarzda uztozlarcha maslahatlar berar ekan, eng muhimi – barcha Vatan uchun sidqidildan, sadoqat bilan xizmat qilishni ununmaslik kerakligini taʼkidladi.

Uchrashuv davomida bitiruvchi kurs kursantlari Toshkent harbiy okrugi qoʻmondoniga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etishdi. Tadbir yakunida bilim yurti boshligʻi polkovnik Shavkat Mamajonov hamda Chirchiq harbiy prokurori, adliya polkovnigi Akbar Boboyev qoʻmondon bilan birgalikda ofitserlik hayotiga qadam qoʻyayotgan yigitlarga sharafli kasbda muvaffaqiyatlar tilab qolishdi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi Denov tadbirkorlik va pedogogika institutida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi. Tadbir davomida yoshlar harbiy xizmatchilardan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.