Milliy an’analarimizni o‘zida mujassam etgan yoshlar festivali

0
4502

Urgut tumanida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘zbek milliy an’nalari va urf-odatlarini o‘zida mujassam etgan “Yoshlar festivali” bo‘lib o‘tdi. Festival Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda Samarqand viloyati va Urgut tumani hokimliklari hamkorligida tashkil etildi.

Festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad — milliy va an’anaviy qadriyatlarni e’zozlash, yoshlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni, jamiyatimizda esa tinchlik, millatlararo totuvlik va barqarorlikni mustahkamlash, xalqimizga xos bo‘lgan ezgu fazilatlarni yanada yuksaltirishdan iboratdir.

Tadbir Markaziy harbiy okrug harbiy orkestri, baxshilar va san’atga oshna bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan  ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar bilan boshlandi.

Shundan so‘ng bir vaqtning o‘zida turli joylarga bo‘lingan pavilonlarda arqon tortish, milliy kurash va tosh ko‘tarish musobaqalari, shuningdek, folklor jamoalarning chiqishi va milliy hunarmandchilik bo‘yicha ko‘rgazmali namoyishlar boshlanib ketdi. Yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrab-avaylash, ular o‘rtasida mafkurafiy immunitet hamda jipslikni oshirish maqsadida harbiy psixologlar tomonidan o‘tkazilgan turli tanlovlar, timbilding o‘yinlari ham shular jumlasidan.  

Festivalning asosiy qismi — “Okrug qo‘mondoni kubogi uchun” tashkil etilgan uloq-ko‘pkari musobaqasi bo‘ldi. Shiddatli va qiziqarli kechgan musobaqada er yigitlar tadbir kuzatuvchilariga chinakam tomosha zavqini berishdi.   

Milliy an’ana va urf-odatlarimizni o‘zida mujassam etgan yoshlar festivali ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati