Davlat attestatsiyasi: kursantlar tanklardan jangovar otish bo‘yicha bilimlarini amalda namoyish etishdi

0
3767

Bundan to‘rt yil avval egniga kursantlik libosini kiygan oliy harbiy ta’lim muassasalarining bitiruvchilari bugungi kunda davlat imtihonlarini topshirishmoqda. Ular yana bir necha kundan keyin, ya’ni davlat attestatsiyasidan so‘ng ofitser sifatida milliy armiyamiz qo‘shinlari safida xizmat faoliyatini boshlaydilar.

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti bitiruvchilari ham to‘rt yil davomida olingan bilimlari bo‘yicha davlat attestatsiyasini topshirishga kirishdilar. Unga ko‘ra kursantlar dastlab bilim yurti o‘quv bazasida milliy g‘oya – O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi, xizmat faoliyatini axloqiy-ruhiy kuzatib borish metodologiyasi, xorijiy tillar, otish va artilleriya o‘tini boshqarish, zenit komplekslarining tuzilishi hamda ishlatilishi, tank, raketa artilleriya qurollari taktikasi kabi fanlardan nazariy imtihonlarni ijobiy baholarga topshirishdi.

Nazariy davlat attestatsiyasini muvaffaqiyatli topshirgan tank qo‘shinlari taktik qo‘mondonligi fakulteti kursantlari Chirchiq poligonida tanklardan jangovar otish bo‘yicha olingan bilimlarni amalda namoyish etishdi. Bitiruvchilar davlat attestatsiya komissiyasi a’zolari va tajribali ustozlar kuzatuvi ostida amaliy otish mashqlarini bajarishdi. Nazariy bilimlari a’lo baholangan kursantlar Shoxrux G‘aniyev, Iftixor Vohidov, Rizamat Sodiqov, Bunyod Jo‘rayev, Shaxzod Boliyev amaliyotda ham o‘zlarini ko‘rsatishdi. Uchtadan harakatlanuvchi va paydo bo‘luvchi nishonlarni yo‘q qilish topshirig‘ini muvaffaqiyatli bajargan yigitlarning harakatlari a’lo baholandi. Unda har bir tank ekipaji harakatda, to‘xtagan va okopdagi holatlarda belgilangan nishonlarga qarata o‘q otishdi.

 – Biz uchun bugun hayotimizdagi eng mas’uliyatli davrlardan biri, – deydi Tank qo‘shinlari taktik qo‘mondonligi fakulteti bitiruvchisi Shoxrux G‘ANIYEV. – Chunki to‘rt yil davomida bilim yurtida olgan bilimlarimiz bo‘yicha davlat attestatsiyasini topshiryapmiz. Bugungi harakatlarimiz ham ta’lim jarayonidagi amaliy otish mashqlaridan keskin farq qildi. Sobir Abduraimov, Bahodir Yusupov, Samandar Niyazov, Hamid Bakayev kabi ofitser-ustozlarimizdan olgan bilimlar yordamida davlat attestatsiyasini a’lo baholarga topshirdim. Topshiriqni bajarish jarayonida komandirimiz Bobur Rajabov hamda guruh komandirimiz Akram Boboxonovning ruhiy qo‘llab-quvvatlab turishi ham bugungi muvaffaqiyatimizni ta’minlagan omillardan biri bo‘ldi. Bizning bu intilishlarimiz samarasi yaqin orada ofitserlik hayotiga qadam qo‘yishimiz bo‘ladi…

Asror RO‘ZIBOYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti