Hushyorlikka chorlovchi profilaktik tadbir

3034

Korrupsiya taraqqiyotga toʻsqinlik qilishi, har qanday sohaning gullab-yashnashiga toʻgʻonoq boʻlishi bor gap. Jinoyatga jazo muqarrar ekanini chuqur tushuntirish maqsadida soha xodimlari tomonidan oʻtkazilayotgan profilaktik tadbirlar barchamiz uchun sergaklik signali boʻlib xizmat qilishi lozim.

Xuddi shunday tadbirlardan biri Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi boshqaruv apparatida boʻlib oʻtdi. Dolzarb fikrlarni bir vaqtning oʻzida koʻpchilikka yetkazish maqsadida okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasa boshliqlari hamda ularning oʻrinbosarlari ishtirokidagi yigʻilish videokoʻprik orqali onlayn ham uzatildi.

Tadbir avvalida okrug qoʻshinlari qoʻmondonining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Isroil Sobirov korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish bugunning dolzarb masalasi ekaniga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti gumanitar fanlar kafedrasi boshligʻi esa mintaqa va dunyoda sodir boʻlayotgan harbiy-siyosiy vaziyat hamda korrupsion holatlarning dunyo rivojiga salbiy taʼsiri borasidagi tahliliy maʼruzasini yetkazdi.

Shuningdek, Qarshi harbiy prokurori adliya podpolkovnigi Jahongir Ashurov va Qarshi harbiy sudi raisi Dilshod Qayumovining ish faoliyatlari davomida koʻrib chiqqan korrupsiyaga bogʻliq hayotiy misollari tadbir maqsadini toʻlaqonli ochib bera oldi.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyati Departamenti, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash boʻlimi xodimlari jinoyatchilarni qoʻlga olish jarayonidagi ularning ayanchli ruhiy holatlari haqida soʻzlab, ishtirokchilarni fikr-mulohaza qilishga chaqirdi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati