Qo‘mondon o‘rinbosari yoshlar bilan uchrashdi

0
4819

Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari – shtab boshlig‘i polkovnik Jamshid Karimov Rishton tumanida joylashgan o‘ndan ortiq mahalla yoshlari bilan uchrashdi.

Shuningdek, uchrashuvda tuman hokimligi mutasaddilari, okrug qo‘shinlari mas’ul ofitserlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyat Kengashi yetakchilari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida qo‘mondon o‘rinbosari rishtonlik yoshlar bilan uchrashib turganidan mamnun ekanini bildirdi.

Darhaqiqat, mazkur uchrashuv ochiq va samimiy suhbatlar bilan boshqa shunday tadbirlardan ajralib turdi. Polkovnik Jamshid Karimov yoshlar bilan ochiq muloqotga kirishar ekan, ularga qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida xizmat qiladigan yetuk kadr bo‘lib yetishishlari uchun kerakli maslahatlar berdi. Ayniqsa, harbiylik kasbini egallash har bir insondan bilim, iroda va kuch talab qilishini alohida ta’kidladi.

Tadbir davomida o‘quvchi yoshlar tomonidan sohaga doir ko‘plab savollar berildi. Ularga okrug mas’ul ofitserlari tomonidan atroflicha javob qaytarildi. Shuningdek, tadbirda faol ishtirok etgan bir guruh yoshlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.  

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati