“Ofitserlar” spektakli premyerasi boʻlib oʻtdi

0
3257

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida “Yoshlar oyligi” munosabati bilan harbiy qism va garnizonlarda, oliy harbiy taʻlim muassasalarida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – kelajak bunyodkori” shiori ostida tadbirlar oʻtkazilib kelinmoqda.

Xususan, Mudofaa vazirligi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida o‘tkazilgan madaniy-maʻrifiy tadbirda aloqachilar harbiy qismi harbiy xizmatchilari va ularning oila aʻzolari, institut kursantlari hamda muddatli harbiy xizmatchilar ishtirok etishdi.

Tadbir Mudofaa vazirligi tarbiyaviy ishlar bosh boshqarmasi, Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar tashkiloti” va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Zangiota tuman kengashi hamda Oʻzbekiston davlat sanʻat va madaniyat instituti bilan hamkorlikda oʻtkazildi. Unda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi, Faxriylar ishlari bo‘yicha markaziy kengash vakillari, Oʻzbekiston davlat sanʻat va madaniyat instituti dramaturgi Nurillo Abbosxonning “Ofitserlar” dramasi asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyish etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 30 yilligiga bagʻishlanib tayyorlangan mazkur spektakl “Vatanga xizmat – muqaddas burch” mavzusida boʻlib, unda vatan osoyishtaligi, yurt tinchligi va farovonligi yoʻlida fidokorona xizmat qilayotgan jasur harbiylarimiz, mard oʻgʻlonlarimiz hayoti aks ettirilgan. Qasamyodiga sodiq ofitserlar, askarlar hamda ularning oila aʻzolari bilan bogʻliq hayotiy voqealar badiiy vositalar orqali sahnalashtirilgan.

“Ofitserlar” spektakli harbiy xizmatchilar ularning oila aʻzolari va kursantlar hamda muddatli harbiy xizmatchilar olqishiga sazovor boʻlishdi.

Ijodiy jamoa Mudofaa vazirligi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Aloqachilar harbiy qismi rahbariyatiga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti