Jizzaxlik yoshlar uchun 10 kunlik “Yosh vatanparvarlar yigʻini” boshlandi

0
4644

“Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida oʻtkazilayotgan “Yoshlar oyligi” doirasida Jizzax viloyati hokimligi, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi hamda Yoshlar ishlar agentligi va Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda Jizzax garnizonidagi harbiy qismda “Yosh vatanparvarlar yigʻini” loyihasi asosida viloyatning shahar va tumanlaridagi muqim ish joyiga ega boʻlmagan yoshlar uchun 10 kunlik yigʻin boshlandi.

“Yosh vatanparvarlar yigʻini” loyihasi asosida 100 nafar yoshlar 10 kun muddatda jangovar, sport oʻyinlari, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik hamda kasbga yoʻnaltirish boʻyicha mashgʻulotlarga jalb qilinadi. Bu yerda harbiy fanlardan tashqari, yigitlarni viloyat Bandlik boshqarmasining “Monomarkaz”i mutaxassislari tomonidan kasbga yoʻnaltirish boʻyicha nazariy va amaliy mashgʻulotlar hamda yoshlarni tadbirkorlikka yoʻnaltirish boʻyicha viloyat Savdo-sanoat palatasi vakillari, tijorat banklarining yetakchi mutaxassislari tomonidan biznes-treninglar oʻtkaziladi.

Jizzax viloyatidagi 12 ta tuman va Jizzax shaxridan harbiylikka qiziqishi yuqori va asosiysi oʻz istagiga koʻra kelgan yoshlar harbiy orkestr sadolari ostida tantanali kutib olindi, ularga harbiy liboslar berildi. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi, guruhlarga boʻlib, yotoqxonalarga joylashtirildi. Askarlar oshxonasida ovqatlanishi uchun oziq-ovqat taʼminoti yoʻlga qoʻyildi.

“Yosh vatanparvarlar yigʻini”ning ochilish tantanasida Jizzax viloyati hokimligi, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, davlat va jamoat tashkiloti vakillari so‘zga chiqib, ushbu loyihaning toʻrtinchi mavsumi oʻtkazilayotgani ayni muddao boʻlganini ta’kidlashdi.

Tantanali marosimda yoshlar qalbida milliy ruh, ona Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuygʻusini har tomonlama kuchaytirish maqsadida namoyish etilgan sahna koʻrinishlari, harbiy orkestr jamoalarining chiqishlari hamda harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan qoʻl jangi chiqishlari yoshlardagi qiziqishni yanada oshirdi.

Viloyatning taniqli sanʼatkorlari ijrosida namoyish etilgan konsert dasturlari jizzaxlik yoshlarning harbiy qismdagi ilk kunidanoq koʻtarinki kayfiyat ulashib ularni oʻyin-kulgilarga chorladi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati