Qo‘mondonlikda yoshlar uchun kutilmagan tadbirlar tashkil etildi

0
3749

Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida yosh avlod vakillari bilan “Besh muhim tashabbus — ulkan imkoniyatlar omili” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy hamda sport tadbirlari o‘tkazildi.

Hamkorlikdagi davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda  tashkil etilgan mazkur tadbirda Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi mahalla yoshlari ishtirok etdi.

Dastlab qo‘mondonlik saf maydonida harbiy xizmatchilar o‘quvchi yoshlar bilan tanishuv tadbirida ishtirok etib, mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, milliy armiyamiz faoliyati hamda uning saflaridagi Vatan himoyachilari erishayotgan yutuqlari, ular uchun berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida ma’lumot berishdi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari qo‘mondonlik hududida zamonaviy targ‘ibot vositalari asosida barpo etilgan “Yoshlar hiyoboni”, “Adiblar bog‘i”, “Harbiy tarix muzeyi” kabi ma’naviy maskanlar hamda amaliy o‘q otish xonasi, sport maydonchasi va boshqa ob’ektlardagi sharoitlar bilan tanishib, qurol-aslaha va harbiy texnikalar namunalarini tomosha qilishdi.

Besh muhim tashabbus doirasida tashkil etilgan kitobxonlik, san’at, sport yo‘nalishlaridan iborat to‘garaklar faoliyati ertamiz egalarida katta taassurot qoldirdi.

Yoshlarni yuksak vatanparvarlik, mardlik va fidoyilik, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar mamlakatimizning barcha sohalari uchun jonkuyar, halol, o‘z kasbiga sadoqatli va yetuk kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mayor Farruxbek SOTVOLDIYEV