Navoiy garnizonida “Yoshlar oyligi” koʻtarinkilik bilan oʻtmoqda

0
3228

Yurtimiz bo‘ylab “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Yoshlar oyligi” doirasida Navoiy viloyatida ham ko‘plab ommaviy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, har kuni erta tongdan harbiy orkestr sadolari bilan “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostida yurish hamda velomarofonlarda 5 mingdan ortiq aholi qamrab olinyapti.

Umumtaʼlim maktablarining bitiruvchi sinf oʻquvchilari hamda mahalla yoshlari uchun “Mard askar — yoshlarga naʼmuna”, “Harbiy qismda bir kun” hamda “Er yigitning er yigitga aytgan gapi taʼsirli boʻladi” shiori ostida tadbirlar mutanzam o‘tkazilmoqda.

Faxriylar va Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari tomonidan tashkil etilayotgan “Uch avlod” uchrashuvida esa navoiylik yoshlarga buyuk ajdodlarga munosib boʻlish, yurtimiz taraqqiyotiga dahldorlik hissi bilan yashash har birimizning, ayniqsa, yoshlarning muqaddas burchi ekani bo‘yicha tushunchalar berilyapti.

Shu kungacha Navoiy garnizonida yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularning iqtidor va iste’dodini yuzaga chiqarish, hayotda oʻz oʻrinlarini topishga koʻmaklashish hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Navoiy shahri, Karmana, Qiziltepa hamda Xatirchi tumanlarida harbiy vatanparvarlik festivallari oʻtkazildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati