Xorazmlik yoshlar mudofaa vaziri kubogi uchun musobaqada bellashdi

0
3815

2021-yildan boshlab mart-may oylarida mamlakatimizdagi barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 10-11 sinf oʻquvchilari oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi oʻtkazilishi yoshlar oʻrtasida keng ommalashib, ularda katta qiziqish uygʻotdi. Bu yildan esa musobaqa nizomiga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar sabab, mazkur bellashuv mahallalardagi uyushmagan yoshlar oʻrtasida tashkil etilishi haqiqiy yangilikka aylandi.

Urganch shahridagi koʻrkam “Yoshlar” sport majmuasida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va Yoshlar ishlari agentligi viloyat kengashi hamda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi bilan hamkorlikda musobaqaning Xorazm viloyati boʻyicha uchinchi bosqichi oʻtkazildi.

Musobaqada 12 ta tuman va shahar bosqichida gʻolib boʻlgan maktablarning yuqori sinflarida tahsil olayotgan oʻquvchilaridan iborat jamoalar shiddatli bahslarda oʻzaro kuch sinashdi. Musobaqa nizomiga koʻra bellashuvda har jamoadan 7 nafar oʻgʻil va 3 nafar qiz bolalar ishtirok etishiga ruxsat berilgan. 

Yakuniy natijalarga koʻra, barcha shartlar boʻyicha yuqori natija koʻrsatgan Bogʻot tumanidagi “Oʻzbekiston” mahallasining “Qalqon” jamoasi shohsupaning uchinchi pogʻonasidan joy oldi. Urganch shahridagi “Gulzor” mahallasining “Vatanparvarlar” jamoasiga ozgina imkoniyat yetmadi va ular faxrli ikkinchi oʻringa loyiq deb topildi. Musobaqaning mutlaq gʻolibiga esa Gurlan tumanidagi “Nukus” mahallasining “Manguberdi avlodlari” jamoasi aylandi va yakuniy bosqichda mudofaa vaziri kubogini Xorazmga olib kelish uchun bellashuvlarda ishtirok etish yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

Gʻolib va sovrindor jamoalar tashkilotchilarning tegishli darajadagi diplom, kubog, medal, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati