Videoselektor yig‘ilishida muhim masalalar tahlil qilindi

0
5268

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan oʻtgan besh oy davomida amalga oshirilgan ishlar tahlili hamda harbiy xizmatchilar oʻrtasida harbiy intizomni mustahkamlash, yoʻl harakati hodisalari va jinoyatchilikning oldini olishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilish mudofaa vazirining Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev boshchiligida o‘tkazildi.

Yigʻilishda dastlab Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov hisobot berdi.

Maʼruzachi tashkilotning keng qamrovli faoliyatini tahlil qilar ekan, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari uchun harbiy-texnik mutaxassislar, xalq xoʻjaligi uchun ommaviy kasb xodimlarini tayyorlash, sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha olib borilayotgan chora-tadbirlarga toʻxtaldi. Aholi, ayniqsa, yoshlarni Vatanga sadoqat, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular qalbida yurt taqdiriga daxldorlik hissini shakllantirish maqsadida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarni eʼtirof etdi va mazkur ishlar samaradorligini yanada oshirish boʻyicha taklif va mulohazalarini bayon qildi. Shu asnoda tashkilotning qay darajada katta imkoniyatga ega ekanligini, bundan esa unumli foydalanish faqat ijobiy natija berishini misollar orqali tushuntirib berdi.

Shuningdek, tadbirda tashkilot faoliyatini yanada faolllashtirish boʻyicha qabul qilingan tegishli qaror va buyruqlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi, tashkilotning joylardagi kengashlari faoliyati ham tahlil qilindi. Ularning zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda yoʻl qoʻyayotgan sustkashliklari tanqid ostiga olindi.

Kun tartibidan oʻrin olgan keyingi masalalar boʻyicha soʻzga chiqqanlar mavzu boʻyicha tegishli rahbariy hujjatlar ijrosini taʼminlash, samaradorligini oshirish, shu asnoda huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlarga urgʻu berdi. Yigʻilish soʻnggida aytilgan fikrlar umumlashtirildi va tegishli takliflar ilgari surilib, vazifalar belgilab olindi.

Shu kuni polkovnik Hamdam Qarshiyev boshchiligida Mudofaa vazirligi katta majlislar zalida markaziy apparatga boʻysunuvchi harbiy qism haydovchilari bilan davra suhbati oʻtkazildi. Unda asosiy eʼtibor harbiy xizmatchilar oʻrtasida yoʻl transporti hodisalarining oldini olishga qaratildi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti