Ofitserlarning axloqiy-ruhiy tayyorgarlik bo‘yicha ko‘nikmalari mustahkamlandi

0
5276

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining Muborak garnizonida tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar hamda jangovar tayyorgarlik organi ofitserlari bilan “Axloqiy-ruhiy tayyorgarlikni tashkil etish tartibi” bo‘yicha amaliy o‘quv yig‘ini o‘tkazildi.

Yig‘in harbiy xizmatchilarning uslubiy tayyorgarligini mustahkamlash, bo‘linmalar shaxsiy tarkibining tarbiyaviy-o‘quv jarayonlarida ilg‘or tajribalarni qo‘llash, mintaqa va dunyoda sodir bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlar tahlilidan kelib chiqqqan holda yo‘nalish bo‘yicha bilim, mahorat va tajribalarini oshirish kabi qator vazifalarga qaratildi.

Harbiy xizmatchidan doimo jismoniy tayyorgarlik darajasi a’lo darajada bo‘lishi talab etiladi. Shu jihatdan yig‘in davomida bunga alohida e’tibor qaratilish lozimligi haqida tavsiyalar berildi. Kuch, tezlik va matonatni chiniqtiradigan mashg‘ulotlarda ishtirokchilar o‘zlarining toblanganlik darajalarini namoyon etishdi.

Uzoq masofaga marsh yurish harbiy xizmatchidan ruhiy va jismoniy bardosh talab etadi. Shu sababdan yig‘in ishtirokchilari marsh davomida shartli ravishda radiatsion, kimyoviy va biologik qurollardan zararlangan hududdan himoyalangan holda talofatsiz o‘tish vazifasini amalga oshirishdi.

Shundan so‘ng, yig‘in ishtirokchilari “Muborak” dala o‘quv maydonida tiklangan jamoaviy jipslikni shakllantirish yo‘lagidan guruh tarkibida o‘tishga jalb etildi. Unda harbiy xizmatchilar to‘siqlardan o‘tish davomida  safdoshining ko‘magiga ehtiyoj mavjudligini va jangda jamoaviy jipslikning roli qay darajada yuqori ekanini yana bir bor his etishdi.

Yig‘in davomida ishtirokchilarga otish tayyorgarligi, guruh tarkibida va jangovar texnikalarda jang olib borishning yangi uslublari ko‘rgazmali tarzda namoyish etildi.

Besh kun davom etgan yig‘in yakunida qayd etilgan natijalar muhokama etilib, bo‘linma komandirlari va ularning o‘rinbosarlariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda egallangan yangi bilim va tajribalarni bo‘linmalarda targ‘ib qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

 Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati