Harbiy xizmatchilarning farzandlari eng olis garnizondan “Tong” yozgi oromgohga yoʻl oldi

0
3471

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida joylashgan “Tong” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohining 1-smenasida dam olishi uchun Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning Nukus va Urganch garnizonlarida xizmat burchini bajarayotgan harbiylar xizmatchilarning 90 nafar farzandi joʻnab ketdi.

Oromgohlarda hordiq chiqarishning gashti oʻzgacha, albatta. Yangi doʻstlar, togʻ yonbagʻrlariga sayohat, koʻngilochar oʻyinlar. Xullas, oromgohda oʻtgan har bir kun ana shunday unutilmas va taassurotlarga boy boʻladi. Eng asosiysi, yozgi taʼtilda maroqli dam olgan har bir oʻgʻil-qiz yangi oʻquv yilida oʻzgacha kayfiyat, kuch-gʻayrat bilan bilim olishga kirishadi.

Nukus va Urganch shahridagi temir yoʻl vokzallari orqali harbiy okrug masʼul ofitser va xodimlari, shuningdek, tibbiyot sohasi mutaxassisi nazorati ostida oromgohga yoʻl olgan bolalarning qalblari quvonchga toʻlib, sarguzashtlarga boy sayohat oldidan allaqanday hayajon ham sezilib turdi.

“Tong” oromgohida bolajonlarning maroqli dam olishlari uchun tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan boʻlib unga muvofiq, deyarli har kuni oromgohda turli intellektual oʻyinlar, sport musobaqalari, uchrashuvlar va davra suhbatlari oʻtkaziladi. Bu yerda toʻgaraklar faoliyati ham tashkillashtirilgan. Badiiy kitoblar, gazeta va jurnallarga boy kutubxona tarbiyalanuvchilarning boʻsh vaqtlari mazmunli oʻtishiga hissa qoʻshishi tabiiy.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati