Fargʻonada harbiy qism tashkil etilgan kun nishonlandi

0
3992

Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari Fargʻona garnizonida desantchilar harbiy qismi tashkil etilgan kun munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Unda Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni, harbiy okrug boshqaruv apparati ofitserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari
va harbiy qism harbiy xizmatchilari ishtirok etishdi.

Tantanali tadbir saf maydoniga Oʻzbekiston davlat bayrogʻini olib kirilishi bilan boshlandi.

Tantanali tadbir avvalida Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Lutfulla Buzrukov soʻzga chiqib, harbiy qism harbiy xizmatchilarini samimiy tabrikladi. Shundan soʻng Qurolli Kuchlar faxriylari Qurolli Kuchlarda kechayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati hamda harbiy xizmatchilarning yurt tinchligi va xalqimizning osoyishta hayotini himoya qilishdagi faoliyati haqida maʼlumotlar berib, sharafli burchini oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga iliq tilaklarini bildirdilar.

Tadbirning tabrik qismidan soʻng namunali xizmati bilan safdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan bir guruh harbiy xizmatchilarga harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni va harbiy qism komandirining faxriy yorliqlari va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Fargʻona vodiysiga tashrif buyurgan respublikamizning taniqli sanʼatkorlari, xushovoz xonandalari, aktyor va shoirlar ishtirokidagi bayramona konsert dasturi, taqdim etilgan koʻrgazmali chiqishlar tantanali tadbirga yanada koʻtarinki kayfiyat ruhini olib kirdi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati