Samarqandda Mudofaa vazirligining “Yoqub Tursunov” nomli bolalar oromgohi o‘z ishini boshladi

0
3877

Samarqand viloyati Urgut tumani “Omon Quton” mahallasida joylashgan Mudofaa vazirligining “Yoqub Tursunov” nomli bolalar oromgohi o‘z ishini boshladi.

Oromgohda Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi tomonidan qisqa fursat ichida ta’mirlash ishlari olib borilib, hududdagi obodonlashtirish jarayonlari zamonaviy standartlar asosida amalga oshirildi.

Bolalarni sog‘lomlashtirishga qaratilgan mazkur maskanda shinam va yorug‘ yotoqxonalar, oshxona, sport shaharchalari, ma’naviyat xonasi, to‘garak xonalari, amfiteatr, tibbiyot punkti, yuvinish xonasi va suzish xavzasi mavjud bo‘lib, bolajonlarning maroqli dam olishlari va hordiq chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.  

Shuningdek, bolalarning xavfsizligini ta’minlash, salomatligini muhofaza qilish maqsadida oromgohga tegishli sohaviy xizmat vakillari jalb etilgan.

Joriy yil oromgohda 600 nafar bolalarni sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan. Ayni vaqtda harbiy xizmatchilar hamda Qurolli Kuchlar ishchi va xizmatchilarining farzandlaridan iborat birinchi bosqich dam oluvchilari oromgohda tantanali ravishda kutib olindi.

 

Ikki hafta davomida so‘lim tabiat bag‘rida dam oladigan o‘g‘il-qizlar guruhlarga bo‘linib, yotoqxonalarga joylashtirildi va ularga kundalik tartiblar yetkazildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati