Mudofaa vaziri kubogi uchun harbiy xizmatchilar bellashmoqda

0
3172

Xabaringiz bor yurtimiz boʻylab mahalla yoshlari oʻrtasida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi “Yoshlar oyligi” doirasida Mudofaa vaziri kubogi uchun mahalla yoshlari hamda harbiy xizmatchilar oʻrtasida sportning “Milliy kurash” hamda “Tosh koʻtarish” turlari boʻyicha musobaqalari oʻtkazilib kelinmoqda.

Xususan, Fargʻona garnizonidagi harbiy qismda 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilar, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi oddiy askar va serjantlar hamda yosh ofitserlar oʻrtasida musobaqaning birinchi bosqichi boʻlib oʻtdi.

Unda kurash boʻyicha 66, 81, 90 va +90 kg, shuningdek, tosh koʻtarish boʻyicha 80, 85, 90 hamda +90 kg vazn toifalarida harbiy xizmatchilar o‘zaro bellashdi. Musobaqa nizomida koʻrsatilganidek barcha qoidalarga rioya qilinishi hakamlar tomonidan taʼminlandi.

Yakuniy natijalarga koʻra milliy kurash boʻyicha 66 kg vaznda faxrli birinchi oʻrinni muddatli harbiy xizmatchi oddiy askar A.Xolboyev, 81 kg vaznda muddatli harbiy xizmatchi oddiy askar I.Ikromov qoʻlga kiritgan boʻlsa, tosh koʻtarish musobaqasida 80 va 85 kg vaznda birinchilikni muddatli harbiy xizmatchi oddiy askarlar S.Rahmatullayev hamda K.Bobonazarov egalladi.

Gʻolib va sovrindor polvonlar harbiy qism qoʻmondonligining diplom hamda qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi, mudofaa vaziri kubogi uchun “Milliy kurash” va “Tosh koʻtarish” musobaqalarining keyingi bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Okrug qoʻshinlarining barcha harbiy qism va muassasalarida ushbu sport musobaqalarini oʻtkazilishi davom etmoqda.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati