Nukusda harbiy xizmatchilar donorlik aksiyasida ishtirok etdi

2877

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, harbiy qism va muassasalari Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan ezgulik va bagʻrikenglik tamoyillariga asoslangan sahovat tadbirlarini tashkil etishdi.

Koʻp yillardan buyon “Adolat” Sotsial demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Markaziy apparati tashabbusi bilan anʼanaviy tarzda respublikamiz hududlari boʻylab “Bor mehrimiz senga, bolajon” shiori ostida begʻaraz donorlik aksiyasi oʻtkazib kelinadi. Shu kunlarda yurtimizda oʻtkazilayotgan aksiya doirasida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug harbiy qism va muassasalari harbiylari ham faol ishtirok etmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi qon quyish markazida bir guruh harbiylar bemor bolalar salomatligi yoʻlida donorlik qilishdi.

Sahovat tadbirlari Respublika koʻp tarmoqli tibbiyot markazi gemotologiya boʻlimida davom etdi. U yerda harbiylar oqqon kasalligi va kamqonlikning ogʻir darajasi bilan davolanayotgan 32 nafar bemor bolakaylarning holidan xabar olib, bayram sovgʻalarini topshirdi.

Savob ishni har kim har kuni qilishi kerak. Bu shunchaki aytilgan gap emas. Oramizda koʻngli oʻksik, yordamga muhtoj, mehr-u muhabbat kutayotgan insonlar, jajji oʻgʻil-qizlar bor. Bir ogʻiz shirin soʻz, samimiy tabassum ortidan sogʻayib ketgan insonlar qancha. 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan harbiylar tomonidan amalga oshirilgan sahovat tadbirlari esa bolakaylar qalbida yorqin xotiralar bilan muhrlangani shubhasiz.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati