Soʻx garnizonida harbiy xizmatchilarga yangi xonadonlar topshirildi

0
4630

Soʻx tumanining Qizilqiyoq mahallasida qad rostlagan 68 xonadondan iborat shinam, barcha qulayliklarga ega boʻlgan yangi uylar Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida xalqimiz va yurtimiz tinchligini sadoqat bilan himoya qilib kelayotgan yurt himoyachilariga topshirilishi kichik bolajonlar uchun oʻzgacha tuhfa boʻldi.

Yangi uylarning kalitini egalariga topshirish marosimida Fargʻona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamda Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Lutfulla Buzrukov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda baxtli harbiy xizmatchilar oilalari ishtirok etishdi.

Tantanali marosimda soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda davlatimiz tomonidan Qurolli Kuchlarimizning jangovar shayligi va salohiyatini oshirish bilan birga harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoya masalalariga katta eʼtibor berilayotganini eʼtirof etishdi.

Yangi uy-joylarni oʻz egalariga taqdim etish marosimida harbiy xizmatchilarga qimmatbaho sovgʻalar va kitoblar ham taqdim etildi.

“Fargʻona meʼmor qurilish” MCHJ tomonidan zamonaviy loyiha asosida bunyod etilgan mazkur turar-joy hududida yashash uchun barcha qulayliklarga ega boʻlgan maishiy xizmat markazlari, savdo doʻkonlari, ayollar va erkaklar sartaroshxonalari, tikuvchilik sexi, zamonaviy oshxona mujassamlashgan. Shuningdek mazkur shaharchada bolalar maydonchalari va yozgi dam olish joylari barpo etilgan.

Shu kuni mehmonlar va nuroniy otaxonlar xonadonlardagi yaratib berilgan sharoitlar bilan tanishib, ularning egalari bilan suhbatlashilgandan soʻng duoga qoʻl ochib, osmonimiz musaffoligi va shodiyona kunlar bardavom boʻlishi uchun ezgu niyatlar bildirdilar.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati