Qoraqalpogʻistonlik yoshlar mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” musobaqasida kuch sinashdi

0
3324

Nukus garnizonidagi harbiy qismlar negizida “Men gʻolib!” shiori ostida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri kubogi uchun uyushmagan yoshlar oʻrtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichi oʻtkazildi. Unda 17 ta shahar va tumanlardan mudom doimiy ish bilan taʼminlanmagan hamda taʼlim muassasalarida tahsil olmayotgan shijoatli, qalbi qaynoq oʻgʻil-qizlar oʻz jamoalari sharafini himoya qilishdi.

Taʼkidlash lozimki, oʻquvchi-yoshlarni harbiy-amaliy sport musobaqalariga keng jalb etish orqali ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, oʻzaro madaniy-sport aloqalarni yoʻlga qoʻyish hamda yoshlarni sport oʻyinlariga ommaviy tarzda jalb etish, sogʻlom turmush tarzini odat qilishga oʻrgatish, ruhan va jismonan sogʻlom, barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan ushbu bellashuv bir yilda yoshlar orasida juda tez ommalashib ulgurdi.

Musobaqa nizomiga koʻra bellashuvda har bir jamoadan 7 nafar oʻgʻil va 3 nafar qiz bolalar ishtirok etishiga ruxsat berilgan. Musobaqaning har bir shartida vaqt mezoni bilan adolatli baholash mexanizmi asosida ishtirokchilarning xatti-harakatiga baho berildi.

Musobaqaning yopilish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov soʻzga chiqib, bugun yoshlarimiz uchun mamlakatimizda juda katta imkoniyatlar yaratilayotgani, bu kabi musobaqalarning yoshlar kelajagi hamda shaxs sifatida kamol topishida tutgan oʻrnini eʼtirof etdi.

Musobaqa yakuni boʻyicha bellashuv shartlarida alohida koʻrsatgichlarga erishgan oʻquvchi-yoshlar va jamoalar taqdirlandi. Unga koʻra “Eng kuchli sportchi”, “Temur tuzuklari bilimdoni”, “Mohir mergan” kabi bir qator nominatsiyalar boʻyicha yoshlar yakkalik va jamoaviy tartibda mukofotlandi.

Yakuniy natijalarga koʻra, barcha shartlar boʻyicha yuqori natija koʻrsatgan Qoraoʻzak tumanining “Temuriylar” jamoasi shohsupaning uchinchi pogʻonasidan joy oldi. Qonlikoʻl tumanidan kelgan yoshlarning “Lochinlar” jamoasi faxrli ikkinchi oʻringa loyiq deb topildi. Musobaqaning mutlaq gʻolibiga esa Kegeyli tumanining “Lochinlar” jamoasi aylandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati