Karmana tumani polvonlari mudofaa vaziri kubogi uchun bellashmoqda

0
3233

Xabaringiz bor yurtimiz bo‘ylab mahalla yoshlari o‘rtasida «Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!» shiori ostidagi «Yoshlar oyligi» doirasida mudofaa vaziri kubogi uchun mahalla yoshlari o‘rtasida sportning «Milliy kurash» hamda «Tosh ko‘tarish» turlari bo‘yicha musobaqalarning mahalla bosqichlari ko‘tarinkilik bilan o‘tkazilib kelinmoqda.

Xususan, kuni kecha Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi markaziy o‘yingohda tumandagi «Beshkent», «Talqoq», «Zarafshon», «Yangiariq», «Ko‘hna qo‘rg‘on» va «Mirsaid Bahrom» MFYlarining yoshlari orasidan har ikki musobaqa bo‘yicha 4 tadan vazn toifasidagi g‘oliblar aniqlandi.

Musobaqa jarayonlarida Karmana tumani hokimi Faxriddin Umarov boshchiligida sektor rahbarlari, Navoiy garnizoni qo‘mondonligi, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi, yoshlar ishlari agentligi hamda tumandagi 43 ta muhalla yoshlar yetakchilari ishtirok etishdi va shuningdek, 3000 yaqin yoshlar qamrab olindi.

Dastavval, harbiy orkestrning kuy-qo‘shiqlari hamda yurt himoyachilarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.

Shundan so‘ng, mahalla yoshlari o‘zlari uchun biriktirilgan gilamlarda qizg‘in va murosasiz bahslarni olib borib, o‘zlarining bilagidagi kuchlarini namoyon etishdi.

Yakunda g‘olib va sovrindor polvonlar okrug qo‘mondonligi va tuman hokimligining diplom va qimmatbaho sovg‘alarni, mudofaa vaziri kubogi uchun «Milliy kurash» va «Tosh ko‘tarish» musobaqalarining keyingi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati