Urganchda “Jaloliddin Manguberdi maktabi” qurilishi boshlandi

0
5460

Oʻsib kelayotgan yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni harbiylik sohasi bilan yaqindan tanishtirish hamda yurt himoyachisi degan sharafli kasb egasi boʻlishi uchun maʼnan va jismonan tayyorlash maqsadida Urganch shahrida muhtasham “Jaloliddin Manguberdi maktabi” qurilishiga ramziy tamal toshi qoʻyildi.

Tantanali tadbirda Xorazm viloyati hokimi – harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Farhod Ermanov, tuman hokimligi, mudofaa ishlari boshqarmasi hamda boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Taʼkidlash joizki, 2023-2024 oʻquv yilidan oʻz faoliyatini boshlaydigan ushbu taʼlim muassasasi 300 oʻringa moʻljallangan boʻlib, unda birinchi yili 150 nafar hamda keyingi yil yana 150 nafar oʻquvchi qabul qilinadi. Yoshlar oʻrtasida harbiylikka, Vatan himoyachisi degan sharafli va obroʻli kasbni egallashga boʻlgan talab va takliflar ortib borayotgani inobatga olinib, mazkur muassasa qurilishi uchun mahalliy byudjet mablagʻlaridan deyarli 30 mlrd.ga yaqin pul mablagʻlari ajratilgan.

Muassasada 4 qavatli oʻquv binosi, 300 oʻrinli yotoqxona, oshxona, madaniyat saroyi, harbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari uchun jangovar tayyorgarlik maydonchalari, sport majmuasi hamda zarur boʻlgan boshqa ijtimoiy va oʻquv obyektlar qurilishi rejalashtirilgan. Tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan “Chinobod qurilish” xususiy korxonasi tomonidan boshlangan qurilish jarayonlari jahon standartlari asosida, qatʼiy meʼyor talablarini bajargan holda amalga oshirilishi belgilangan.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati