Toshkent shahrida harbiy qism tashkil etilgan kun nishonlandi

0
4072

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahridagi harbiy qism tashkil etilgan kun munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Mudofaa vazirining Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Karshiyev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. 

Tadbirda so‘zga chiqqan polkovnik H. Karshiyev harbiy xizmatchilarni  ushbu sana  bilan tabriklab, o‘tgan yillar davomida Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilarga davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyozlar, shart-sharoitlar, shu bilan birga sohada erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida atroflicha fikr bildirdi.

Shundan so‘ng sohada ko‘p yillar fidokorona xizmat qilgan Qurolli Kuchlar faxriylari “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil” ko‘krak nishoni bilan, bir guruh harbiy xizmatchilar esa navbatdagi harbiy unvon, II va III darajali “Namunali xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari, esdalik nishoni, qimmatbaho sovg‘a va faxriy yorliq bilan tantanali ravishda taqdirlandilar.

–  Taqdirlanganlar safida ekanimdan boshim ko‘kka yetdi. Rag‘bat – insonga qanchalik kuch va g‘ayrat bag‘ishlashini bugun his qildim, – deydi kichik serjant Mavsuma Ergasheva. – Bu yil men uchun quvonchli voqealarga boy bo‘lmoqda. Yaqinda sportning karate turi bo‘yicha  Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdim. Bugun safdoshlarim oldida, katta sahnada sportda erishgan yutug‘im, shu kungacha xalqaro armiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyatli ishtirokim e’tirof etilganda to‘lqinlanib ketdim. Harbiy sportchi ekanligimdan g‘ururlandim. Bu his menga bundanda yuksak cho‘qqilarni zabt etishga turtki bermoqda. To tanimda jonim bor ekan, O‘zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilaman!

III darajali “Namunali xizmati uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim, – deydi kapitan Begzod Abdurahimov. – Albatta, bunday e’tibor biz – harbiy xizmatchilarni yanayam shijoat bilan xizmat qilishga da’vat etadi. Men mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yuksaltirishdek ezgu ishga hissamni qo‘shayotganimdan faxrlanaman. Men yurtimni sevaman. Shuning uchun ham Vatanimning  tinchligi va osoyishtaligini saqlash yo‘lida uchraydigan har qanday to‘siq va g‘ovni  mardonavor yengaman.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti