Qarshida “Vatanparvarlar” harbiy sport musobaqasining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi

3022

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida joylashgan Oliy harbiy aviatsiya ta’lim muassasasida mahalla yoshlari oʻrtasida “Men gʻolib” shiori ostida mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy sport musobaqasining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻmondonligi, Yoshlar ittifoqi hamda Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan bellashuvlar yuqori saviyada oʻtkazildi.

Yoshlarning sogʻlom va barkamol boʻlib ulgʻayishi hamda ularni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan bellashuvlarda oʻz tumanlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 14 ta jamoa viloyat birinchiligi uchun oʻzaro sinashdi. Tantanali marosim avvalida soʻz olganlar ertamiz egalari oʻz oldilariga qoʻygan yuksak marralarga erishishlari uchun omadlar tilashdi.

Shundan soʻng mohir mergan, harbiylashtirilgan estafeta, jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, safda qoʻshiq aytish, “Temur tuzuklari” bilimdoni hamda duatlon shartlari boʻyicha bellashuvlarga start berildi.

Belgilangan shartlar ishtirokchilarning nafaqat kuch, chidam va chaqqonliklarini, balki ularning tarixga oid bilimlarini ham sinovdan oʻtkazdi. Shiddatli tarzda oʻtgan bellashuvlarda yoshlar ajdodlarga munosib voris boʻlib voyaga yetishganliklarini isbotlashdi.

Murosasiz va qizgʻin bahslarga boy boʻlgan musobaqaning yakuniy natijalarga koʻra 1-oʻrin Koson tumanining “Turon arslonlari” jamoasiga, 2-oʻrin Gʻuzor tumani “Sohibqiron” hamda 3-oʻrin Muborak tumani “Yosh lochinlar” jamoasiga nasib etdi.

“Men gʻolib” shiori ostida oʻtkazilgan musobaqada peshqadamlik koʻrsatgan jamoalarga, turli nominatsiyalar gʻoliblari hamda faol qatnashchilariga tantanali ravishda tashkilotchilarning diplom va faxriy yorliqlari, esdalik va qimmatbaho sovgʻalari topshirildi. Mutlaq gʻolib jamoa musobaqaning Mudofaa vazirligi bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati