Zangiotalik yoshlar harbiy muassasa mehmoni bo‘ldi

0
3163

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida keng ko‘lamli “Ochiq eshiklar kuni” va yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi.

Festivalda Zangiota tuman hokimligi mutasaddilari, Yoshlar ishlari agentligi tuman kengashi a’zolari, “Quyoshli” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlari, keng jamoatchilik vakillari, shuningdek Mudofaa vazirligi markaziy apparati ofitserlari ishtirok etishdi.

Festival harbiy xizmatchilar va jamoatchilik vakillari ishtirokida “Sog‘lom hayot uchun besh ming qadam” yurish marafoni bilan boshlandi.

Festivalning ochilish marosimida Mudofa vazirligi Jangovor tayyorgarlik bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Raxmatilla Raxmonov so‘zga chiqib, bugungi kunda Qurolli Kuchlarimiz tizimida olib borilayotgan islohotlar, shu jumladan sog‘lom turmush tarzi hamda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan katta e’tibor haqida ma’lumotlar berdi.

Shundan so‘ng muassasaga tashrif buyurgan mehmonlar uchun zamonaviy qurol-aslahalar va texnologiyalar bilan jihozlangan harbiy texnikalar hamda bilim yurti kursantlari tomonidan yaratilgan robototexnikalar namoyish qilindi. Ayniqsa, desantchilar bo‘linmasining qo‘l jangi ko‘rgazmali chiqishlari yosh avlod vakillarida ulkan taassurot qoldirdi.

 

Shuningdek, festival doirasida Mudofaa vazirligi Maxsus-avariya tiklash boshqarmasining “Impuls” harbiy ansambli xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Barchinoy SINDAROVA,
O‘ZJOKU harbiy jurnalistika yo‘nalishi talabasi