Mudofaa vazirligi sport majmuasida “Biz sportchi oilamiz” sport musobaqasi o‘tkazildi

0
2086

Mudofaa vazirligi sport majmuasida 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida “Biz sportchi oilamiz” sport musobaqasi o‘tkazildi.

Musobaqada harbiy oila vakillari 4 bosqichdagi shartlar orqali o‘z oilasi sha’nini munosib himoya qilishga bor kuch va g‘ayratini safarbar qilishdi. Musobaqa tosh ko‘tarish mashqlari bilan boshlandi. Unda dastlab oila boshlig‘i bo‘lgan harbiy xizmatchilar 16 kilogramm og‘irlikdagi toshni siltab ko‘tarish bo‘yicha bahslashgan bo‘lsa, navbatdagi bosqichda oila bekalari o‘z chaqqonligi bilan “Darts” deya nomlangan shartda turmush o‘rtoqlari nomiga navbatdagi ballarni qo‘shib qo‘yishdi.

Shundan so‘ng navbat bolajonlarga yetib keldi. 7-12 yoshli bolalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan estafeta mashqlarida bolajonlar o‘zlarining ziyrakligi va epchilligi bilan tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘lishdi. So‘nggi bosqich bo‘lgan gimnastrada ham o‘ziga xos tarzda o‘tdi.

Harbiy xizmatchilar oila a’zolarining kundalik hayotini yanada yaxshilash, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan mazkur musobaqa ana shunday ko‘tarinki ruhda yakunlandi.

Yakuniy natijalariga ko‘ra, Botirjon Shokirov oilasi 3-o‘rin, Abror Tursunbekov oilasi 2-o‘ringa munosib ko‘rilgan bo‘lsa, Nuriddin Sheraliyev oilasi esa faxrli 1-o‘rinni egallab, musobaqaning mutlaq g‘olibligini qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan maxsus kubok, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. 

Sarvinoz QURBONOVA, O‘ZJOKU
Harbiy jurnalistika yo‘nalishi talabasi