“Xizmat itlari–2022”: Idoralararo ko‘rgazmali musobaqa o‘tkazildi

0
3059

“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining amfiteatr binosida “Xizmat itlari–2022” idoralararo ko‘rgazmali musobaqa tashkil etildi.  

“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, Xalqaro politsiya assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu musobaqada Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyaga qarashli «Kinologiya» markazlarining harbiy xizmatchilari o‘z xizmat itlari bilan ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida Xalqaro politsiya assotsiatsiyasi rahbari Murod Atajanov so‘zga chiqib, bu kabi tadbirlar harbiy xizmatchilarning o‘z kasbiga bo‘lgan mehri va shijoatini yanada oshishida, do‘stlik va hamjihatlik aloqalarini yanada mustahkamlashda, qolaversa, yoshlarni Vatan himoyachisidek sharafli kasbga bo‘lgan intilishlarini kuchaytirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, ularni barkamol va komil insonlar bo‘lib voyaga yetishidagi samarali ishlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan barcha vazirlik va tashkilotlarga chuqur minnatdorchilik bildirdi.

Darhaqiqat, yurtimizda mustahkam kelajak poydevorini bunyod etishda olib borilayotgan islohotlar zamirida yoshlar ishtirokini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa ularni ona Vatanga bo‘lgan mehr va muhabbatlarini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 Musobaqada kinologlar xizmat itlari bilan giyohvandlik vositalarini qidirib topish, qurol-yarog‘, antiterror, himoya-qorovul xizmati, qidiruv-qutqaruv xizmati kabi yo‘nalishlar bo‘yicha щzaro bellashdilar. O‘zbekiston Kinologiya Federatsiyasining Xalqaro toifadagi   ekspertlari tomonidan xizmat itlarining to‘g‘ri parvarishi, ularga gigiyenik jihatdan ko‘rsatilayotgan e’tibor, xizmat paytida o‘zini tutish me’yorlariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Do‘stona ruhda kechgan musobaqaning «Yunior» yo‘nalishida Mudofaa vazirligi kinologiya markazi faxrli birinchi o‘rinni egalladi.   

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomoniddan kubok, diplom va qimmatbaho sovg‘alar, xizmat itlari uchun maxsus oziq-ovqat mahsulotlari hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Nargiza SAFAROVA,
“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi matbuot xizmati