Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida yakuniy davlat attestatsiyasini topshirish jarayoni boshlandi

0
5734

Iyun oyi – bitiruvchi bosqich kursantlari uchun gʻalvir suvdan koʻtariladigan palla. Boisi davlat imtihonlarida faqat mustahkam bilimga ega boʻlganlargina yuqori natijalarni qayd etadi.

Ayni kunlarda Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida bitiruvchi bosqich kursantlarining yakuniy davlat attestatsiyasini topshirish jarayoni boshlandi. Boʻlajak ofitserlar otish va artilleriya oʻtini boshqarish, zenit komplekslarining tuzilish va ishlatilishi, milliy gʻoya: Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasi, xizmat faoliyatini axloqiy-ruhiy kuzatib borish metodologiyasi, xorijiy til, raketa artilleriya qurollari, taktika singari fanlardan nazariy va amaliy topshiriqlarni muvaffaqiyatli bajarmoqda. Davlat attestatsiya komissiyasi aʼzolari kursantlarning bilim, malaka va koʻnikma darajasining davlat taʼlim standartlari talablariga qanchalik muvofiqligini shaffof va xolisona baholashmoqda.

– Maxsus boʻlinmalar taktik qoʻmondonligi mutaxassislari uchun xizmat faoliyatini axloqiy-ruhiy kuzatib borish metodologiyasini bilish muhim oʻrin tutadi, – deydi 4-bosqich kursanti Doniyor Ergashev. – Bizning shu vaqtga qadar taʼlim jarayonida olgan nazariy va amaliy bilimlarimiz bugun yakuniy davlat attestatsiyasida sinovdan oʻtdi. Menga tushgan savollarning barchasiga aniq javob bera oldim. Buning uchun oʻqituvchilarimizdan minnatdorman. Ulardan olgan bilim va koʻnikmalarimiz kelgusida ofitser sifatida qoʻshinlarda tatbiq etishimizga xizmat qiladi.

Harbiy xizmatchi uchun jangovar va jismoniy tayyorgarlik eng muhim jihatlardan biri hisoblanadi. Mutaxassislik va umumkasbiy fanlar boʻyicha oʻtkazilayotgan davlat attestatsiyasida ham aynan toʻrt (besh) yil davomida malakali oʻqituvchilardan olingan bilim va koʻnikmalar amaliy jihatdan sarhisob qilinmoqda. Bu borada bitiruvchi bosqich kursantlariga barcha imtihonlarda muvaffaqiyat yor boʻlishini tilaymiz.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti