Qurolli Kuchlar akademiyasida ommaviy sport ishlari ko‘rigi o‘tkazildi

0
5463

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Chunki sport aholi salomatligini mustahkamlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash orqali jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptiradi.

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida ham so‘nggi yillarda sportni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Harbiy xizmat sharoitida jismoniy tayyorgarlik va sport nafaqat kundalik faoliyat turi, balki qo‘shinlar jangovar tayyorgarligining asosiy qismi hisoblanadi. Shu maqsadda qo‘shinlarda sport haftaligi va ommaviy sport ishlari ko‘rigi o‘tkazilib boriladi.

Qurolli Kuchlari akademiyasida Ommaviy sport ishlari ko‘rigining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda akademiya boshlig‘i polkovnik Babur Shayakubov so‘z olib, mamlakatimizda sport sohasida olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumotlar berib, muassasa shaxsiy tarkibiga sport haftaligida faol ishtirok etishda kuch-quvvat, sabr-bardosh va ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

4 kun davom etgan keng ko‘lamli ommaviy sport ishlari ko‘rigi davomida akademiya kursantlari, ofitserlar va serjantlar sportning chaqqonlik, chidamlilik, kuchlilik sifatlari bo‘yicha sinovdan o‘tdilar. “Yoshlar oyligi” doirasida o‘tkazilgan sport haftaligi yosh harbiy xizmatchilarimizda shijoat uyg‘otdi. Kursantlar har bir sinov jarayonida yuqori natijalarga erishib, komandirlari va ustozlari ishonchini munosib oqlashdi. Shuningdek, shogirdlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh ustozlar va professor-o‘qituvchilar sport haftaligida faol ishtirok etganliklari uchun “Sport  a’lochisi” ko‘krak nishonlariga loyiq topildi.

Qurolli Kuchlar akademiyasida “Sport – mamlakatni dunyoga tanitadi” shiori ostida o‘tkazilgan sport haftaligi hamda ommaviy sport ishlari ko‘rigi ko‘tarinki ruhda yakunlandi.

Behzod QURBONOV,
O‘zDJTU Media va kommunikatsiya fakulteti talabasi