Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli 30 yoshda

0
3886

“Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli tashkil topganligining 30 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Hamdam Karshiyev hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, taniqli sanʼatkorlar ishtirok etdi. Soʻzga chiqqanlar harbiy ansambl jamoasining Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida, shu bilan birga yurtimizning olis va yaqin hududlaridagi shaharu qishloqlarida oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy hamda madaniy tadbirlardagi faol ishtirokini, yoshlarni maʼnaviyatini yuksaltirish, harbiylarning jangovar ruhini koʻtarishdagi samarali xizmatini eʼtirof etishdi. Minglab isteʼdodlarni oʻzida jamlagan ansambldagi fidoyi sanʼatkorlarning uzoq va samarali ijod yoʻlini, ansambl jamoasining shu kungacha qoʻlga kiritgan yutuq va muvaffaqiyatlarni faxr bilan tilga olishdi.

Kuy-qoʻshiq va raqslar bilan yanada fayzli qiyofa aks etgan tantanada bir guruh ijodkor harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar xizmatchilari mudofaa vazirining qoʻl soati, esdalik nishoni, I, II, III- darajali “Namunali xizmati uchun” koʻkrak nishonlari hamda qimmatbaho sovgʻalar, faxriy yorliq va pul mukofoti bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosarining buyrugʻi bilan ansamblning bir guruh kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilariga “kichik serjant” harbiy unvonlari topshirildi.

Qutlugʻ toʻyga toʻyona bilan kelgan Madaniyat va Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti hamda boshqa  davlat tashkilotlari vakillari harbiy sanʼatkorlarga  koʻkrak nishonlari, qimmatbaho va esdalik sovgʻalarini taqdim etishdi.

Gulnora Xojimurodova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti