Harbiy ta’lim tizimida artilleriya ofitserlarini tayyorlash masalalari

0
4097

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida “Harbiy ta’lim tizimida artilleriya ofitserlarini tayyorlash muammolari va ularning yechimlari” mavzusida ilmiy-uslubiy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda asosiy maqsad sifatida “Artilleriya taktik qo‘mondonligi” mutaxassisligi fanlarini o‘qitish masalalarini tahlil qilish hamda harbiy ta’lim tizimida ilg‘or tajribalarni o‘rganishga e’tibor qaratildi.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan ilmiy-uslubiy seminarda Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti va Qurolli Kuchlar akademiyasi artilleriya siklining professor-o‘qituvchilari, kursantlar, harbiy okruglar boshqaruv apparati artilleriya bo‘limi ofitserlari, artilleriya harbiy qismlari komandirlari, shuningdek taklif etilgan boshqa mutaxassislar ishtirok etdi.

Seminarda professor-o‘qituvchilar va soha vakillari tomonidan “Artilleriya ofitserlarini tayyorlashga qo‘yilgan talablar va unga moslik masalalari tahlili”, “Artilleriya ofitserlari rezervini tayyorlash muammolari va ularning yechimlari”, “Ta’lim va qo‘shinlardagi mutaxassislik muammolari” kabi ma’ruzalar orqali ilmiy-uslubiy seminarning mavzusi ochib berildi.

Shundan so‘ng seminar qatnashchilarining soha bo‘yicha qiziqtirgan savollariga javob qaytarilib,  o‘quv dasturlarining mazmuni va ularning mantiqiy tuzilishi muhokama qilindi hamda tizimdagi muammolarga aniqlik kiritildi.

Tursunoy BOQIYEVA,
O‘ZJOKU harbiy jurnalistika yo‘nalishi talabasi