“Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasiga Isroil tomonidan minnatdorchilik ramzi yodgorlik toshi oʻrnatildi

0
3687

Maʼlumki, Ikkinchi jahon urushi davrida Oʻzbekiston xalqi boshiga tushgan mudhish kunlarga qaramasdan front va front ortida cheksiz insonparvarlik va fidoyilik namunalarini koʻrsatgan. Bu esa bugungi kunda dunyo xalqlari oʻrtasida yuksak eʼtirofga sazovor boʻlib kelmoqda. Jumladan, Oʻzbekistonga urush boʻlayotgan va dushman ishgʻol qilish xavfi yuqori boʻlgan hududlardan turli millat vakillaridan iborat 1,5 milliondan ortiq aholi evakuatsiya qilingan. Jumladan, Ukraina, Belarus, Rossiya, Moldova va Polshadan 250 ming atrofida ashkenazi yahudiylari ham koʻchirib keltirilgan. Zahmatkash xalqimiz ularga bosh pana berib, mehr va sahovat koʻrsatgan.

26-may kuni Isroil davlati tomonidan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasiga oʻrnatilgan “Minnatdorlik yodgorligi”ning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Isroilning Oʻzbekistondagi elchisi Zexavit Ben-Gilel xonim, diplomatik korpus vakillari hamda majmua jamoasi ishtirok etdi.

Ushbu yodgorlik toshida quyidagi soʻzlar uch – oʻzbek, rus va ingliz tillarida bitilgan: “1941-yildan 1942-yilgacha urushning ogʻir va ocharchilik davrida Oʻzbekistonga 1,5 milliondan ortiq qochqinlar va evakuatsiya qilinganlar olib kelindi. Ular orasida bir necha yuz ming yordamga muhtoj yahudiy qochqinlari boʻlgan. Nonini baham koʻrgan oʻzbek xalqining mehmondoʻstligi tufayli qochqinlar bu yerda boshpana topgan. Yahudiy xalqi va Isroil davlati buni minnatdorlik bilan xotirlaydi va qadrlaydi”. Tadbirda soʻz olganlar Oʻzbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushi davridagi jasorati va bagʻrikengligi borasidagi insoniylik fazilatlarini yodga olishdi.

– Ikkinchi jahon urushi butun dunyo xalqlari boshiga ogʻir kunlarni soldi. Begunoh, yosh va navqiron yigitlar bevaqt hazon boʻldi. Urush davrida Oʻzbekiston xalqi millionlab turli millat vakillarini xuddi oʻz qondoshidek bagʻriga olib, cheksiz muruvvat koʻrsatdi. Isroil davlati tomonidan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasiga sovgʻa qilingan ushbu yodgorlik xalqlar ozodligi yoʻlida jasorat va fidoyilik koʻrsatgan Oʻzbekiston xalqiga boʻlgan chuqur minnatdorchilik ramzidir, — deydi Zexavit Ben-Gilel xonim.

Nargiza SAFAROVA, “Gʻalaba bogʻi” matbuot xizmat