Harbiy xizmatchilarning farzandlariga imtiyozli tavsiyanomalar topshirilmoqda

0
3689

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash maqsadida ularning farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalarni tantanali ravishda topshirish marosimlari oʻtkazilmoqda.

Xususan, kuni kecha Markaziy harbiy okrugning Madaniyat va maʼrifat markazida Jizzax, Samarqand, Kattaqoʻrgʻon hamda Navoiy garnizonlaridagi harbiy xizmatchilarning farzandlariga kvota asosida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun beriladigan tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov, Mudofaa vazirligi faxriylari, harbiy hizmatchilar hamda ularning oila aʼzolari ishtirok etdi. Joriy yilda okrug miqyosida jami 70 ga yaqin harbiy xizmatchining farzandlari ushbu tavsiyanomaga ega boʻldi.

Xuddi shunday tadbirlarning biri Sharqiy harbiy okrug Maʼnaviyat va maʼrifat markazida oʻtkazildi. Unda Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Lutfulla Buzrukov Mudofaa vazirligi faxriylari, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ishtirok etgan tantanali tadbirda Fargʻona garnizonidagi harbiy qism va muassasalarda namunali xizmat qilib kelayotgan kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarning farzandlariga imtiyozli tavsiyanomalar topshirdi.

Yana shundan tadbirlarning biri Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugning Termiz garnizonida boʻlib oʻtdi. Surxondaryo viloyat hokimligi, harbiy okrug qoʻmondonligi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Surxondaryo viloyat mintaqaviy boʻlimi, harbiy xizmatchilar va ularning farzandlari ishtirok etgan tadbirda soʻnggi yillarda osoyishtaligimiz posbonlari oilalarida maʼnaviy-ruhiy holatni mustahkamlash va ular oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

Marosimda polkovnik Poʻlatjon Sotvoldiyev harbiy xizmatchilarning ana shunday imkoniyatga ega boʻlgan 39 nafariga imtiyozli tavsiyanoma hamda bir nafariga davlat granti asosida oliy taʼlimning bakalavriat bosqichiga tanlovsiz oʻqishga kirish toʻgʻrisidagi tavsiyanomalarni tantanali topshirdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti