Ofitserlarga malaka oshirish kursini tugatganlik haqidagi sertifikatlar topshirildi

0
3722

Joriy yilning 16-25-may kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining qoʻmondonlik tarkibi ofitserlari uchun Xalqaro Islom akademiyasining malaka oshirish markazida “Harbiy xizmatchilarda buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash asoslari” yoʻnalishi boʻyicha oʻquv kursi tashkil etildi.

72 soatlik malaka oshirish kursini oʻz ichiga olgan bosqichda malaka oshirish markazining malakali mutaxassislari tomonidan ofitserlarga mafkuraviy immunitetni oshirish, uning salbiy oqibatlarini oldini olishga qaratilgan mashgʻulotlar olib borildi.

Ushbu malaka oshirish kurslarining ahamiyati, butun insoniyat hayotida axborotning oʻrni juda katta ahamiyatga ortib borayotgani, yangi maʼlumotlar, yangi bilimlar kundan-kunga ortib, mafkuraviy immunitet maʼnan zaif shaxslarni toʻgʻri-notoʻgʻrini ajrata olishni qiyinlashtirishi va oʻzi hamda atrofidagilar uchun zarar yetkazishi mumkin boʻlgan holatlarning oldini olishda namoyon boʻladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, mafkuraviy immunitet tizimidagi bilimlar obyektiv boʻlishi, voqelikni toʻgʻri va toʻliq aks ettirishi, inson maʼnaviyatining boyishi va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilishi lozim. Yuqoridagi talablar asosida yaratilgan oʻquv dasturida ofitserlar oʻzlari uchun zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishdi.

Oʻquv yakunida ofitserlarga tantanali ravishda malaka oshirish kursini tugatganlik haqidagi sertifikatlar topshirildi.

Roʻziqul OCHILOV, Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti