Aloqa harbiy institutida mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha oʻzaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

0
3895

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov soha yoʻnalishida mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha oʻzaro hamkorlik istiqbollarini yoʻlga qoʻyish uchun Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va harbiy aloqa institutida boʻldi.

Oʻzbekiston Prezidentining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa sohasida ofitser kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakulteti negizida tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va harbiy aloqa institutida 8 ta yoʻnalish boʻyicha taktik boʻgʻindagi ofitser kadrlar tayyorlanmoqda. Joriy yildan boshlab kiberxavfsizlik fakulteti tashkil qilinib, tarmoq xavfsizligi boʻyicha mutaxassislar tayyorlanishi yoʻlga qoʻyildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri institutda yaratilgan sharoitlar, tashkil etilgan taʼlim jarayoni va uning zamonaviy taʼlim va texnik vositalari bilan taʼminganlik darajasi, shuningdek, institutda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qoʻllanishi bilan tanishib chiqdi.

Harbiy institutdagi sharoitlar bilan tanishuv jarayonida Sherzod Shermatov institut talabalari bilan ochiq muloqot oʻtkazib, AKT sohasida olib borilayotgan yangi izlanishlar, yaratilayotgan dasturiy mahsulotlar va tayyorlanayotgan dasturiy mahsulotlar boʻyicha oʻzining ijobiy fikrlarini bildirdi.

Shuningdek, aloqa boʻyicha harbiy mutaxassislarni tayyorlashning keng koʻlamli tizimini yoʻlga qoʻyish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar hamda yuqori malakali harbiy AKT-mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha oʻzaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Sherqoʻzi HAKIMOV, Mudofaa vazirligi Axborot – kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti