“Milliy kurash va tosh koʻtarish” boʻyicha mudofaa vaziri kubogi musobaqalariga start berildi

0
3686

Shu yilning 25-may kunidan Mudofaa va Sportni rivojlantirish vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida harbiy xizmatchilar va yoshlar oʻrtasida 30-iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Milliy kurash va tosh koʻtarish” sport turlari boʻyicha mudofaa vaziri kubogi musobaqalariga start berildi.

Yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish maqsadida 30-iyunga qadar davom etadigan musobaqalarda 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yurtdoshlarimiz ishtirok etadilar.

Yoshlar oʻrtasida toʻrt bosqichda va toʻrt vazn toifasida oʻtkaziladigan bellashuvlarning dastlabkisi 25-maydan 12-iyungacha – mahallalarda, 13-iyundan 19-iyungacha tuman va shahar bosqichlarida, 20-iyundan 25-iyungacha viloyatlarda hamda 27-iyundan 29-iyungacha respublika bosqichlarida oʻtkaziladi.

Gʻoliblar 30-iyun kuni poytaxtimizdagi Xalqlar doʻstligi sanʼat saroyida tantanali ravishda taqdirlanadi.

Aziz yoshlar, “Yangi oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostida oʻtkazilayotgan yoshlar oyligi doirasida “Milliy kurash va tosh koʻtarish” sport musobaqalarida faol ishtirok etib, mudofaa vaziri kubogini va qimmatbaho sovgʻalarni qoʻlga kiriting.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti