Harbiy-ilmiy tafakkur

0
3095

«Lashkar tuzib, navkar olishda uch qoidaga amal qildim: Birinchidan, yigitning kuch-quvvatiga; ikkinchidan, qilich oʻynata olishiga; uchinchidan, aql-zakovatiyu kamolotiga eʼtibor qildim. Shu uch fazilat mujassam boʻlsa, navkarlik xizmatiga oldim. Nagaki, kuch-quvvatli yigit har qanday qiyinchiliklarga, azobu-uqubatlarga chidamli boʻladi. Qilich oʻynata oladigan inson raqibini magʻlub eta oladi. Oqil navkar har joyda aql-idrokini ishga solib, mushkul vaziyatni bartaraf etadi».

“Temur tuzuklari”dan

Ulugʻ sarkarda Amir Temur oʻz tuzuklarida mukammal navkar qanday boʻlishi haqida maʼlumot berib oʻtgan. Bu qonun-qoidalar bugungi kun askarlariga ham mos keladi. Shuning uchun harbiy xizmatchilarning nafaqat jangovar shayligi, balki ilmiy salohiyati ham katta ahamiyatga ega. Shu maʼnoda kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida harbiy-ilmiy jamiyat va toʻgaraklar faoliyatiga bagʻishlangan “Harbiy-ilmiy jamiyat va toʻgaraklar faoliyatini takomillashtirishning ilmiy-uslubiy masalalari” mavzusida respublika harbiy-ilmiy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Harbiy-ilmiy konferensiya Akademiya boshligʻi polkovnik Bobur Shayakubovning kirish soʻzi bilan boshlandi. Tadbirda professor-oʻqituvchilar, ilmiy xodimlar, doktorantlar, tinglovchilar va kursantlar, xorijdagi oliy taʼlimdan keyingi taʼlim doktorantlari, shuningdek, respublikamiz oliy harbiy taʼlim muassasalarining mutaxassis-vakillari ishtirok etishdi.

Konferensiya davomida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining rivojlanish jarayonlari, oliy taʼlim tizimining rivojlanish tendensiyalari, zamonaviy taʼlim tizimida innovatsion yondashuvlar va ularning takomillashtirish tendensiyalari, Qurolli Kuchlar akademiyasining innovatsion faoliyatini rivojlantirishda iqtidorli yoshlarning roli kabi dolzarb mavzularda maʼruzalar tinglandi.

Harbiy-ilmiy konferensiya yakunida faol ishtirokchilar Akademiya rahbariyatining tashakkurnomalari va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

Muattar MELIYEVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti