Qoʻmondon Xivadagi Prezident maktabi oʻquvchilari bilan uchrashdi

0
3230

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov Xiva shahrida joylashgan Prezident maktabining iqtidorli yoshlari bilan uchrashdi.

Mudofaa vazirligi qoʻshinlaridagi “Yoshlar oyligi” doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda yoshlar milliy armiyamiz, mudofaa salohiyatimiz, harbiy xizmatchilar tomonidan qoʻlga kiritilayotgan ulkan yutuq va marralar haqida qoʻmondondan batafsil maʼlumotlar olishdi.

Qoʻmondon oʻz nutqida soʻnggi yillarda Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida jangovar tayyorgarlikni samarali tashkil etishga qaratilganini, oʻquv-jangovar mashgʻulotlar murakkablashgan tarzda tashkil etilayotgani, topshiriqlarni tunggi sharoitda, notanish poligon va hududlarda bajarish imkoniyatlari oshirilgani, taktik harakatlarning yangi usul va uslublari amaliyotga samarali joriy etilayotganini eʼtirof etdi. Shuningdek, xalqaro harbiy va harbiy-texnik hamkorlik doirasida yoʻlga qoʻyilgan har tomonlama aloqalar natijasida nufuzli harbiy akademiyalar va markazlar mutaxassislari bilan tajribalar almashilayotgani, rivojlangan mamlakatlar harbiy akademiyalari, strategik tadqiqotlar markazlari bilan aloqalar mustahkamlanib borilayotganini alohida taʼkidladi.

Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuv davomida qoʻmondon yoshlarni ulkan marralar sari ruhlantirib, har bir insonning orzusi, maqsadi, osmondagi yulduzi boʻlishi kerakligini, unga erishish uchun oʻqib-izlanib, mehnat qilish zarurligini uqtirdi.

Tadbir soʻngida suhbat jarayonida faol ishtirok etgan yoshlar va maktab jamoasi harbiy okrug qoʻmondonligi tomonidan faxriy yorliq hamda badiiy adabiyotlar toʻplamlari bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati