El-yurt uchun aziz jonini fido qilganlar hech qachon unutilmaydi

0
3405

Yurtimizda “Yoshlar oyligi” o‘tkazilishi munosabati bilan joylarda “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!” shiori ostida ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda.

23-may kuni Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qism harbiy xizmatchilari Yangiyo‘l tumanida joylashgan 28-umumta’lim maktabda o‘quvchi yoshlar ishtirokida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ishtirok etishdi.

Mazkur tadbir shu maktabda tahsil olgan, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchi katta leytenant Shermuhammad Ashirov byusti poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Unda marhumning yaqinlari, maktab ma’muriyati va o‘quvchi yoshlar, harbiy xizmatchilar, Yangiyo‘l tuman Xalq ta’limi bo‘limi xodimlari hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi a’zolari ishtirok etdi.

Darhaqiqat, bugungi tinch va osuda hayotimiz, erkin va ozod Vatanimiz uchun xizmat qilgan, kerak bo‘lsa bu yo‘lda shirin jonidan kechgan o‘g‘lonlarni xotirlash, ular nomini munosib ulug‘lash millatimizga xos oliyjanob fazilatdir. Mazkur xotira tadbirida ham marhumning safdoshlari, o‘quvchilar va yaqin-do‘stlari uning ijobiy fazilatlarini esga olib, el-yurt uchun aziz jonini fido qilganlar hech qachon unutilmasligini bot-bot takrorlashdi.

Shundan so‘ng “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!” shiori ostida harbiy xizmatchilar va o‘quvchi yoshlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘quvchilar bilan bo‘lgan davra suhbatida bugungi kunda mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangiliklar haqida tegishli ma’lumotlar yetkazilib, bu borada yoshlarni qiziqtirgan barcha savollarga harbiy xizmatchilar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.

Mohinur ANORBOYEVA,
O‘ZJOKU harbiy jurnalistika fakulteti talabasi